17.11.2025
Bugun — Xalqaro diabetga qarshi kurash kuni
Hozirgi kunda dunyo boʼyicha yarim milliarddan ziyod kishi qandli diabetdan aziyat chekmoqda. Ulardan juda katta qismi xastalikning 2-turiga chalingan. JSST prognoziga koʼra, 2050 yilga borib bu koʼrsatkich qariyb 1,5 milliard nafarga yetishi mumkin.
Mutaxassislar ushbu kasallikni keltirib chiqaruvchi omillar orasida nosogʼlom turmush tarzi asosiy oʼrinni egallashini taʼkidlaydi. Shu sababli 14 noyabrь sanasi jahon boʼylab “Xalqaro diabetga qarshi kurash kuni” sifatida nishonlanadi.
— Mazkur surunkali xastalik jiddiy asoratlarni keltirib chiqarishi bilan xavfli, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori oʼrinbosari Sevara Faxrutdinova. — Uning oldini olishda erta bosqichdagi tashxisning ahamiyati katta.
Qandli diabetning bir necha turi farqlanadi. Xususan, uning 1-turi bolalar va oʼsmirlar orasida koʼproq uchraydi. Аgar oʼz vaqtida tegishli davo choralari koʼrilib, kasallik nazoratga olinmasa, ogʼir asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Diabetning 2-turi esa oldini olish mumkin boʼlgan xastalikdir. Sogʼlom turmush tarzi, toʼgʼri ovqatlanish, jismoniy faollik, qonda qand miqdorining doimiy nazorati — skrining, kerak boʼlsa, tegishli dori vositalari orqali bu dardni yengish mumkin.
Insonda diabet oldi holatlari kuzatilganda, shifokor tavsiyalariga toʼliq rioya etilsa, statsionar sharoitida davolanishga ehtiyoj boʼlmaydi.
Qondagi qand miqdori sutka davomida doimo toʼliq meʼyorda ushlab turilishi kerak. Shunda diabet asoratlarining oldini olish yoki kechiktirish mumkin. Аyni sababdan aholi, avvalo, patronaj hamshirasi va oilaviy shifokor, qandli diabet bilan kasallangan bemorlar esa endokrinolog nazoratida boʼlishi shart.
Ehtiyoj boʼlganda kardiolog, nevropatolog, nefrolog, oftalьmolog, xirurg mutaxassislari bilan maslahatlashgan holda davolanish choralari koʼrilishi kerak.
Аgar diabetning aniq belgilari boʼlmasa, lekin siz xavf guruhida boʼlsangiz, yilda bir marta qandli diabetga qon topshiring. Sogʼlom odamlar esa bunday tekshiruvdan uch yilda bir oʼtishlari zarur.
Sogʼliqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.