12.02.2026
Akademik Yo. X. To‘raqulov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya markazi tomonidan endokrinologik kasalliklarning oldini olish, ularni erta aniqlashga qaratilgan chora-tadbirlar doirasida 2026 yilning 9–10–11 fevral kunlari Markaziy Osiyo mamlakatlari (jumladan Qozog`iston, Qirg`iziston, Tojikistondan) dan kelgan shifokor-endokrinologlar uchun “Zamonaviy endokrinologiyaning dolzarb masalalari” mavzusida o‘quv-amaliy seminar tashkil etildi.Uch kun davom etadigan mazkur seminar doirasida quyidagi yo‘nalishlarda ma’ruzalar va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan:
— 1 va 2 tur qandli diabetni tashxislash va davolashning zamonaviy yondashuvlari;
—neyroendokrinologiya va reproduktiv endokrinologiya masalalari;
— qalqonsimon bez kasalliklariga bag‘ishlangan ma’ruzalar hamda amaliy mashg‘ulotlar.
Mazkur tadbir Markaziy Osiyo mamlakatlari tibbiyot xodimlarining bilim va malakasini oshirish, sog‘liqni saqlash sohasida tajriba almashish, shuningdek qardosh va qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi professional hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, seminar O‘zbekiston Respublikasida tibbiy va sog‘lomlashtirish turizmini rivojlantirish, xorijiy bemorlarni jalb etish hamda mamlakatimiz tibbiyotining xalqaro nufuzini oshirishga muhim hissa qo‘shadi.
Seminar yakunida ishtirokchi shifokorlarga belgilangan tartibda maxsus sertifikatlar topshiriladi.