27.02.2026
“Renessans” telekanali xodimlarining profilaktik tibbiy ko‘rigi
Yo.X.To’raqulov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi konsultativ poliklinikasi shifokorlari “Renessans” telekanali xodimlari uchun profilaktik tibbiy ko‘rik o‘tkazdilar. Tadbir endokrin kasalliklarni va ularning rivojlanish xavf omillarini erta aniqlashga qaratildi.
Ko‘rikda shifokor-endokrinologlar, shuningdek, turdosh yo‘nalish mutaxassislari — nevropatolog, kardiolog, oftalmolog hamda ultratovush diagnostikasi shifokori ishtirok etdi. Xodimlarga antropometrik o‘lchovlar, qondagi glyukoza miqdorini aniqlash va ultratovush tekshiruvi o‘tkazildi. Tekshiruv natijalariga ko‘ra, har bir xodimga individual tavsiyalar berildi.
Bunday profilaktik tadbirlar endokrin tizimidagi buzilishlarni o‘z vaqtida aniqlash, asoratlarning oldini olish va mehnatga layoqatli aholi salomatligini saqlashga xizmat qiladi.