30.04.2026
29.04.2026 kuni Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga Tojikiston Respublikasi Sug‘d viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi o‘rinbosari Xodjibayev Ma’rufjon Yusufchonovich boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Mehmonlarni markaz direktorining davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosari, tibbiyot fanlari doktori Narimova G.J. hamda tegishli bo‘lim rahbarlari va mutaxassislar kutib oldilar.
Tashrif doirasida delegatsiya a’zolariga markazning asosiy faoliyat yo‘nalishlari, zamonaviy diagnostika va davolash imkoniyatlari, shuningdek, ixtisoslashgan bo‘limlar faoliyati yaqindan tanishtirildi.
Tashrif davomida tomonlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Xususan, 2025 yil sentyabr oyida imzolangan memorandum ijrosi doirasida Sug‘d viloyati endokrinolog shifokorlarining malakasini oshirish, tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish hamda zamonaviy diagnostika va davolash usullarini joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, kelajakda Sug‘d viloyatida davolash imkoniyati cheklangan bemorlarni markazga yo‘naltirish orqali ularga yuqori malakali tibbiy yordam ko‘rsatish masalasi yuzasidan kelishuvlar ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv samimiy va konstruktiv ruhda o‘tdi hamda kelgusidagi hamkorlik istiqbollari belgilab olindi.