04.05.2026
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 23 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida tibbiy va sog‘lomlashtirish turizmini yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-335-sonli qarorida belgilangan vazifalarni amalga oshirish hamda Tojikiston Respublikasi Sug‘d viloyati Klinik endokrinologiya markazi bilan tuzilgan memorandumga muvofiq, 2026 yil 27–28 aprel kunlari Xo‘jand shahrida tibbiy ko‘rik tashkil etildi.Tadbirda O‘zbekiston Respublikasidan tashrif buyurgan malakali mutaxassislar tomonidan bemorlar ko‘rigi amalga oshirildi:
O‘zbekiston Respublikasi bosh bolalar endokrinologi – Sultanova Shaxrizoda Talabbekovna
Kattalar endokrinologi – Chekmanov Vladimir Nikolayevich
UZI shifokori – Xolmuminov Sirojiddin Suyun o‘g‘li
Tadbir doirasida Sug‘d viloyati Klinik endokrinologiya markazining 45 nafar shifokoriga Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining funksional faoliyati tanishtirildi. Shuningdek, markaz faoliyatini aks ettiruvchi 100 dan ortiq buklet va flayerlar tarqatildi.
Tibbiy ko‘rik davomida jami 230 nafar bemor ko‘rikdan o‘tkazildi. Ulardan 57 nafariga Tojikiston Respublikasida to‘liq tekshiruv imkoniyatlari cheklanganligi sababli, O‘zbekiston Respublikasidagi Endokrinologiya markazida chuqurlashtirilgan tibbiy tekshiruvdan o‘tish va zarur davolanish choralarini olish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi bosh bolalar endokrinologi Sultanova Shaxrizoda Talabbekovna tomonidan 12 nafar endokrinolog shifokor hamda 15 nafar 1-tur qandli diabet bilan og‘rigan bemorlar uchun “Diabetni boshqarish” mavzusida ma’ruza va master-klass o‘tkazildi.
Mazkur tadbir ikki davlat o‘rtasida tibbiy hamkorlikni mustahkamlash, tibbiy turizmni rivojlantirish hamda aholiga ko‘rsatilayotgan endokrinologik xizmatlar sifatini oshirishga xizmat qildi.