18.05.2026
XALQARO ONLAYN KONSULTATSIYALAR DAVOM ETMOQDA 15 may kuni Akademik Yo. X. To‘raqulov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Xalqaro aloqalar va tibbiy turizmni rivojlantirish bo‘limi tomonidan xorijiy bemorlar uchun navbatdagi xalqaro onlayn konsultatsiyalar tashkil etildi.
Qozog‘iston Respublikasining Pavlodar viloyati, Aksu shahrida yashovchi qandsiz diabet bilan og‘rigan 6 yoshli bemor yuzasidan masofaviy konsultatsiya o‘tkazildi. Unda bemorning onasi, davolovchi shifokori hamda O‘zbekiston Respublikasi bosh pediatr-endokrinologi Sultonova N. T. ishtirok etdi.
Shuningdek, Tojikiston Respublikasining Dushanbe shahrida yashovchi buyrak usti bezi kasalligi bilan og‘rigan bemor bo‘yicha ham markaz mutaxassislari tomonidan onlayn konsultatsiya tashkil etildi.
Konsultatsiyalar davomida bemorlarning klinik holati, laborator va instrumental tekshiruv natijalari batafsil muhokama qilinib, keyingi davolash hamda kuzatuv bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Endokrinologik kasalliklarni chuqur diagnostika va zamonaviy davolash maqsadida bemorlarga Akademik Yo. X. To‘raqulov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya markazida to‘liq tekshiruv va malakali davolanish tavsiya etildi.
Xalqaro onlayn konsultatsiyalar tibbiy turizmni rivojlantirish, xorijiy bemorlarga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish hamda markazning xalqaro nufuzini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.