03.08.2026
Tibbiyot tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning samarasi, avvalo, bemor bilan eng yaqin ishlaydigan o‘rta tibbiyot xodimlari faoliyatida namoyon bo‘ladi. Shu maqsadda Samarqand viloyatida hamshiralik xizmatini yanada takomillashtirish, sohada yagona yondashuvni shakllantirish hamda amaliyotda uchrayotgan masalalarni muhokama qilishga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tmoqda.

Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori o‘rinbosari, tibbiyot fanlari doktori, SSV bosh endokrinologi Sevara Faxrutdinova boshchiligida o‘tayotgan uchrashuvda kundalik amaliyotda hamshiralar zimmasiga tushayotgan mas’uliyat, profilaktik xizmatlarning samaradorligi, patronaj ishlarini to‘g‘ri tashkil etish, tibbiy etika, bemorlar bilan muloqot madaniyati hamda shoshilinch holatlarda harakat qilish ko‘nikmalarini yanada takomillashtirish masalalari atroflicha muhokama qilinmoqda.
— Zamonaviy hamshira faqatgina vazifalarni bajaruvchi emas, balki mustaqil qaror qabul qila oladigan, bilim va ko‘nikmalarini doimiy yangilab boradigan mutaxassis bo‘lishi lozim. Raqamli tibbiyot imkoniyatlaridan samarali foydalanish, xalqaro standartlarga amal qilish va eng muhimi, bemor xavfsizligini ta’minlash har bir hamshiraning ustuvor vazifasiga aylanishi kerak, — dedi S. Faxrutdinova.
Uchrashuv davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olmoqda, ish jarayonida uchrayotgan muammolar yuzasidan takliflar bildirmoqda.
Bunday ochiq muloqotlar hududlarda hamshiralik xizmatini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.



Back to the list