Size:
AAA
Color: CCC
Images On.Off.
Normal site version
AA Ko’rish qobiliyati past bo’lganlar uchun
Call center: +998(55)508-50-00 (08-00dan : 16-00gacha)
Navbatchi shifokor: +998(95)479-80-00 (17-00dan : 08-00gacha)

05.05.2022 Yod — inson organizmining meʼyoriy faoliyati uchun lozim boʼlgan element. U tabiiy ravishda faqat maʼlum iqlim sharoitida, koʼpincha dengizga yaqin mintaqalarda hosil boʼladi.

Yod kam miqdorda uchraydigan hududlarda esa odamlarning bu moddaga ehtiyojini yetarli darajada qoplash uchun qoʼshimcha choralar koʼrish talab etiladi.

Аholining sogʼlom turmush tarzini qoʼllab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi direktori Nodira Аlixanova bilan suhbatimiz yod yetishmovchiligi oqibatida kelib chiqadigan kasalliklar va ularning profilaktikasi mavzusida boʼldi.

— Yod tanqisligi aqliy zaiflikning asosiy omilidir, — deydi N. Аlixanova. — Maʼlumotlarga koʼra, har yili dunyoda 38 millionga yaqin bola yod tanqisligi xavfi bilan tugʼiladi. Qolaversa, bu modda yetishmasligi qalqonsimon bez va ovqat hazm qilish organlari faoliyati bilan bogʼliq turli jiddiy kasalliklarni keltirib chiqaradi.

Bundan tashqari, tirnoqlarning tabaqalanishi, soch toʼkilishi, teri quruqlashuvi, uyquchanlik, charchoq ham organizda yod taqchilligi alomatlaridandir. Shu sababli bu kabi muammolarning oldini olish maqsadida dunyoda osh tuzini yodlash amaliyotidan keng foydalaniladi.

Organizm uchun kerakli boʼlgan yodni turli dengiz mahsulotlarini isteʼmol qilish yoʼli bilan olish mumkin. Bizning mintaqamizda bunday neʼmatlar serob boʼlmagani sababli osh tuzini yodlashga ehtiyoj tugʼiladi.

Osh tuzining asosiy tarkibiy qismi natriy boʼlib, u qon aylanishi va qon bosimini boshqarish, asab tizimi hamda mushaklar orasidagi uzviy aloqani taʼminlash vazifasini bajaradi. Uning ikkinchi elementi boʼlgan xlor esa ovqat hazm qilishga yordam beradi.

Organizmdagi moddalar almashinuvini meʼyorlashtirish uchun kuniga bir choy qoshiq – 5 gramm osh tuzi isteʼmol qilish tavsiya etiladi. Qolaversa, u yod tanqisligi kasalligining oldini olishga ham xizmat qiladi.

Mamlakatimizda yodlangan osh tuzi “Аholi oʼrtasida mikronutrient yetishmasligi profilaktikasi toʼgʼrisida”gi Qonun asosida ishlab chiqariladi. Davlat standarti talablariga koʼra, osh tuzi tarkibida yod miqdori tonnasiga 40 gramm miqdorda boʼlishi belgilab qoʼyilgan.

Sifatli osh tuzining qadogʼida ishlab chiqargan tashkilot nomi, tovar belgisi, mahsulot nomi, uning navi va yanchilish darajasi, ishlab chiqarilgan sanasi, normativ hujjat nomi, yaroqlilik muddati, yodlash qoʼshimchasi nomi hamda yod ulushi kabi bir qancha maʼlumotlar aks etgan boʼlishi kerak.

Osh tuzlarining saqlanish harorati 28 darajadan oshmasligi lozim. Qotib qolgan, nam tortgan, begona hidlarga ega boʼlgan, yaroqlilik muddati oʼtgan, qadoqlari buzilgan osh tuzlarining foydali xususiyatlari yoʼqolgan boʼladi. Bunday mahsulotlarni isteʼmol qilmaslikni tavsiya qilamiz.

Sogʼliqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.

Back to the list