16.04.2024
Diabet oldi holat — bu inson organizmida uglevod almashinuvining erta buzilishi bo‘lib, normal ahvol va qandli diabet o‘rtasidagi oraliq holatdir. Diabet oldi holat ko‘pincha alomatlarsiz kechishi sababli uni tashxislash ma’lum qiyinchiliklarni tug‘diradi.
Qandli diabet paydo bo‘lishi ehtimoli yuqoriligining asosiy belgisi hisoblangan bu holat yurak-qon tomir kasalliklari rivojlanish xavfining oshishi, erkaklarda testosteron gormonining pasayishi tufayli jinsiy zaiflik, ayollarda esa hayz ko‘rishning buzilishi va aksariyat holatlarda bepushtlikka olib kelishi mumkin.
Diabet oldi holatini o‘z vaqtida aniqlash va uning yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlarning oldini olish uchun yuqori xavf guruhida bo‘lgan 40 yoshdan katta insonlar har yili bir marotaba qondagi qand miqdorini aniqlash uchun tegishli tahlillarni topshirishi zarur.
Bunda qondagi qand miqdori:
och qoringa me’yorda — 3,5-6,0 mmol’/l gacha, diabet oldi holatda — 6,1 dan 7 mmol’/l gacha;
ovqatlanishdan 2 soat o‘tgach me’yorda — 7,8 mmol’/l gacha, diabet oldi holatda — 7,8 dan 11 mmol’/l gacha bo‘ladi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.

Back to the list